“Inson qadri ulug‘— xotira muqaddas”
Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt o‘limiga, mislsiz yo‘qotishlar va talafotlarga sababchi bo‘lgan dahshatli qirg‘inlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi. Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi haqiqiy jasorat va fidoyilik ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shdi. Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig‘i qahramonlarcha halok bo‘ldi. Shu bilan birga, urush davrida respublikamiz front uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib beradigan muhim ta’minot markazlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan O‘zbekistonga ko‘chirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh go‘daklarni bag‘riga olib, og‘ir damlarda ularga beqiyos g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi.
9 may Xotira va qadrlash kuni fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba kuni sifatidaginagina emas, balki bugungi tinchlikning qadriga yetish kuni sifatida nishonlanadi.
Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib tursa, qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi.